Xitoy hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Alen Perren ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
“Biz bugun fantastik natijaga erishdik. Futbolchilar shijoat bilan o‘ynashdi va oxirigacha kurashib g‘alaba qozondik”, - deydi Perren.
− Tanaffus chog‘ida zahiradagi futbolchilar deyarli chigalyozdi mashqlarini bajarishmadi? Buni qanday izohlaysiz?
− Futbolchilar mashq qilmagan bo‘lsalar ham, zaxiradan tushganlar yaxshi o‘ynashdi. Masalan Sun Ke gol urdi. O‘yin 90 daqiqa davom etadi. Menda esa 3 ta imkoniyat bor. Vaziyatdan kelib chiqib kerakli o‘yinchilarni maydonga tushirdim.
− Bugun gol urgan futbolchilar haqida nima deya olasiz?
−Vu Si ham, Sun Ke ham bugun o‘z gollari bilan jamoamizga foyda keltirishdi. Sun Ke o‘yinga tushishi bilan gol urdi va bundan bizning kayfiyatimiz juda ko‘tarildi.
−Guruhda birinchi o‘rinni egalladingiz? Chorak finalda kimning raqib bo‘lishini istaysiz?
−Biz raqib tanlay olmaymiz. Chorak finalda kimga qarshi o‘ynaydigan bo‘lsak ham ular bilan o‘ynayveramiz. Umuman, musobaqada kuchsiz raqibning o‘zi yo‘q.