O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2-dekabr kuni Xitoy davlat taraqqiyot banki (XDTB) ishtirokida O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Unga binoan, ushbu sohadagi to‘rtta loyihani amalga oshirishda “O‘zbektelekom” va Xitoyning Huawei Technologies kompaniyasi o‘rtasida telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan umumiy qiymati 117,6 million dollarlik shartnomalar inobatga olinadi. Ko‘rsatilgan loyihalarni amalga oshirish muddati 1 yil-u 3 oy etib, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Telekom Invest” filiali bosh pudratchi qilib belgilangan.
Shartnoma qiymatining 15 foizi − 17,6 million dollar “Aloqabank” krediti hisobiga, 85 foizi − 100 million AQSh dollari Xitoy davlat taraqqiyot bankining 9 yil muddatga, jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan berilgan krediti hisobiga moliyalashtiriladi. Qo‘shimcha xarajatlar “O‘zbektelekom”ning 12,5 million dollar miqdoridagi o‘z mablag‘lari evaziga qoplanadi.
UzMobile milliy mobil aloqa operatori tarmog‘ini yaratish loyihasining umumiy qiymati 39 million dollar bo‘lib, bundan 29,8 million dollari XDTB krediti, 5,2 million dollari “Aloqabank” krediti, 3, 9 million dollari “O‘zbektelekom” mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu loyiha doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiga 1,6 millionta raqam va 960 ta bazaviy stansiya uchun kommutatsiya uskunalarini olib kelish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)