Yevropaning “Rozetta” nomli zondi (atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirish uchun mo‘ljallangan apparat)ning tushiriladigan moduli — “Fili” Toshkent vaqti bilan soat 21:03 da Churyumov-Gerasimenko kometasiga qo‘ndi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Tarkibida “Fili” moduli bo‘lgan “Rozetta” apparati fazoga 2004-yil mart oyida Fransuz Gvianasida joylashgan Kuru kosmodromidan uchirilgan edi. 2011-yil iyun oyiga kelib, “Rozetta” Yer sayyorasidan 800 million kilometrga uzoqlashib, fazoning uzoq qatlamiga yetdi. Shunday uzoq masofada, quyosh yorug‘ligi yetarli bo‘lmagan sharoitda zond gibernatsiya (uyqu) holatiga keltirildi. Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyida uyg‘ongan “Rozetta” kometaga yaqinlasha boshlagan.
“Fili” moduli “Rozetta”dan bugun, 12-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 13:35 da ajraldi va kometa yuzasigacha bo‘lgan yo‘lni yetti soatda bosib o‘tdi.
“Fili” kometa tuprog‘idan namunalar olish uchun maxsus qurilma, spektrometr, fotokamera va zarralarni tahlil qiluvchi uskunalar bilan ta’minlangan. Mazkur jihozlar 4,5 milliard yil avval paydo bo‘lganidan beri o‘zgarmay kelayotgan kometani o‘rganishga yordam beradi. Mutaxassislar mazkur noyob missiyaga “fazoviy arxeologiya” deb nom berdi.
Izoh (0)