Toshkent shahrida yashovchi Vladimir Ivanov bir necha bor sudlanganiga qaramay, mudhish jinoyatga qo‘l urdi, deb xabar bermoqda Uz24.uz “Huquq” gazetasiga tayanib.
Odatdagi kunlarning birida Vladimir mast holatda uyiga kelib, o‘zi bilan nikohsiz yashayotgan Natali Sergeyevna bilan puli yo‘qolib qolganini sabab qilib janjallashdi. “Yaxshigina” mast holatda bo‘lgan Ivanov Natalini vahshiylarcha do‘pposlashga tushdi. Polda qonga belanib yotgan xotinining tomog‘idan bo‘g‘ib, anchagacha qo‘yib yubormadi. Biroz vaqt o‘tgach esa hech narsa bo‘lmagandek Natalining yonida uxlab qoldi.
Tong otgach, bir amallab ko‘zini ochgan Vladimir odatdagidek plastik idish (baklajka) va makulatura yig‘ish uchun ko‘chaga chiqib ketdi. Kechqurun uyiga kelganida esa jonsiz yotgan Nataliga ko‘zi tushib, janjalni esladi va darhol Natalining jasadini qopga solib, axlatxonaga tashlab keldi.
Ko‘p o‘tmay Vladimir Ivanovning sodir etgan jinoyati fosh etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmiga ko‘ra Vladimir Ivanov 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.