Joriy yilda O‘zbekiston paxtakorlari uch million 400 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, shartnoma majburiyatini oshirib bajardi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Joriy yilda sermahsul, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos g‘o‘za navlari ekilib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazildi. Davlat rahbarining 2014-yilda g‘o‘za navlarini joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan maydonlarda iqlim sharoitiga mos, ingichka va o‘rta tolali g‘o‘za navlari parvarishlandi.
Dalalarga g‘o‘zaning “Buxoro-6”, “Buxoro-102”, “Sulton”, “Namangan-77”, “S-6524”, “Ibrat”, “Mehnat” kabi ertapishar, sanoatbop, serhosil, jahon paxta bozorida xaridorgirligi bilan ajralib turadigan navlari ekildi. Natijada tajribali dehqon va fermerlarning fidokorona mehnati evaziga sifatli paxta xomashyosi tayyorlandi.
Joriy mavsumda paxta dalalarida “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan hosilning 90 foizigacha to‘liq tera oladigan 1200 dan ziyod MX-1,8 modernizatsiyalangan paxta terish mashinalari ishtirok etdi.
Agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida O‘zbekiston paxtasining yuqori sifati jahonda keng e’tirof etilib, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga xorijda talab tobora ortmoqda. Joriy yilning 13—14-oktabr kunlari Toshkentda o‘tgan X xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida bu yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Izoh (0)