Xitoy va Rossiyaning ittifoqi kelajakda AQSh tashqi siyosati uchun birinchi raqamli global muammo bo‘ladi. Tahlilchilarning bu haqdagi fikrlarini Xitoyning CNBC telekanali o‘z efirida keltirgan, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Xitoyning yaqinlashayotgan halokati” kitobining muallifi Gordon Chang Moskva va Pekinning yaqinlashuvi ikki buyuk davlat iitifoqining qayta tiklanishi bilan birga, AQShning global yetakchiligiga ham tahdid solishiga olib kelishini aytib o‘tgan.
AQShdagi Stratfor xususiy tahlil kompaniyasi xodimi Loren Gudrichning fikricha, hozirgi geosiyosiy sharoitlar, jumladan Moskvaga nisbatan sanksiyalar Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga olib kelmoqda. AQSh hukmronligining emas, balki ko‘p qutbli dunyoning tarafdori bo‘lgan ikkala davlat shu maqsadda o‘z kuchlarini birlashtirishi mumkin.
Vashingtondagi Jon Xopkins universiteti professori Donald Jensenning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya xalqaro hamjamiyatga ta’sir qilishi hamda BMT Xavfsizlik kengashi qarorlariga veto qo‘yish yoki energetikadan qurol sifatida foydalanish orqali AQSh va Yevropa Ittifoqining hukmronligiga qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
CNBC vakillarining ta’kidlashicha, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi ittifoqning qanchaga cho‘zilishini aniq aytib bo‘lmaydi, biroq agar bu uzoq muddatli bo‘lsa, sovuq urush tugaganidan keyin boshlangan davrga chek qo‘yishi mumkin.