Yaponiya sohillariga “Vongfong” to‘foni yopirilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qoldi va yana 94 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Segodnya”.
Halok bo‘lganlarning ikkalasi ham dehqonlar bo‘lib, biri Tottori prefekturasida o‘z dalasidagi ariqda cho‘kib ketgan, ikkinchisi Exime prefekturasida yuk mashinasini boshqarib ketayotganda to‘fonga duch kelgan. Bedarak yo‘qolgan odamni esa Sidzuoka prefekturasida to‘fon okeanga uloqtirgan.
To‘fon pasayganiga qaramay, xavf hali ham saqlanib qolmoqda. Shamol tezligi 40 metr/sekundga yetyapti. Miyadzaki prefekturasida yog‘ingarchilik darajasi 500 millimetrdan oshgan.
Avval xabar berilganidek, to‘fon xavfidan 100 minglab odamlar evakuatsiya qilingan. To‘fon butun Yaponiya bo‘ylab transport harakati buzilishiga olib kelgan, 640 ga yaqin aviareys bekor qilingan.