9-oktabr kuni kechqurun muborak haj safaridan qaytayotgan O‘zbekiston ziyoratchilarining dastlabki guruhlari kutib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar bermoqda.
Joriy yilning 9—20-oktabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida Jidda — Toshkent, Jidda — Buxoro, Jidda — Farg‘ona, Jidda — Andijon, Jidda — Samarqand, Jidda — Termiz, Jidda — Qarshi hamda Jidda — Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.
Ziyoratchilarni kutib olish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Bugun, 10-oktabr, o‘zbekistonlik ziyoratchilarni navbatdagi ikki reysda, Jidda — Toshkent va Jidda — Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha kutib olish rejalashtirilgan.
Hojilar O‘zbekistonga ko‘tarinki kayfiyatda qaytar ekan, o‘z xursandchiliklari bilan o‘rtoqlashdi. “Biz Yaratganga shukr aytishimiz kerak. Obod va ozod yurt — O‘zbekistondan Madina, Makka shaharlariga borib Haj amallarini bajarib qaytdik.
Toshkentdan jo‘nab ketganimizdan hozirgacha ham hurmat, e’zoz, turli qulayliklar guvohi bo‘lib turibmiz. Ishchi guruh, shifokorlar tomonidan bizga ko‘rsatilgan xizmatlar, oshpazlar tayyorlab bergan mazali taomlar, mehmonxonadagi sharoitlar va boshqa barcha xizmatlar uchun yurtboshimiz boshchiligidagi barcha mutasaddilarga minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Biz yurtimiz tinchligi, obod va farovonligini tilab barcha qadamjo, masjidlar va Arafotda turib duolar qildik”, — dedi Igamberdiyeva Mahfuza.
Yana bir ziyoratchi Mirzaqulova Sharifa ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: “Bunday tartib bilan tashkil etilgan ziyorat faqat tahsinga sazovor. Hammasi soat kabi intizom va tartib bilan bajarildi. Ishchi guruhning joylardagi harakatlari, guruhboshilarning ibodatlarimizga bergan ahamiyati, shifokorlarning mahorati, oshpazlarning taomlari — hammasi o‘z vaqtida, joyida bo‘ldi. Nima desak, labbay deb javob berishlari, hatto u yoqdagi mahalliy aholining ochiq chehraligi diqqatga sazovor bo‘ldi.
Bunday tartib, bunday intizom, xizmat ko‘rsatgan barcha xodimlarning biz ziyoratchilarga birdek e’tibor berishi, Toshkentdan ketib to qaytib kelgunimizgacha bo‘lgan barcha sharoit va o‘rnatilgan tartib, diqqat va e’tibor uchun avvalo yurtboshimiz, qolaversa, hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yurtimiz tinch va obod bo‘lsin deya duolar qilamiz”.