Oliy liganing 28-avgust kuni o‘tkazilgan 18-tur uchrashuvlari doirasidagi “Lokomotiv” — “Bunyodkor” uchrashuvidan keyin “Lokomotiv” futbol klubi o‘yindagi hakamlik saviyasidan norozi bo‘lib, e’tiroznoma yozdi. Mazkur e’tiroz asosida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasi navbatdan tashqari majlis chaqirdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Qo‘mitaning kun tartibidan FIFA referisi Valentin Kovalenko, uning yordamchilari Ma’mur Saidqosimov va Xusniddin Shodmonov boshqargan 18-turning markaziy uchrashuvidan tushgan e’tiroznomani ko‘rib chiqish masalasi o‘rin oldi.
“Lokomotiv” futbol klubi “Bunyodkor”ga qarshi o‘yindagi hakamlikning 12 vaziyatidan norozi bo‘ldi.
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Hakamlar va inspektorlar qo‘mitasining 3-sentabrdagi majlisi bayonnomasida keltirilishicha, e’tiroz yuzasidan qo‘mita tarkibidagi ekspertlar komissiyasi uchrashuv yozilgan videotasmalarning barchasini ko‘rib chiqqan holda uchrashuvdagi hakamlar brigadasining qarorlari o‘yin natijasiga ta’sir qilmagan, degan xulosaga keldi.
Komissiya xulosasi haqidagi bayonnomadan ko‘chirma: “Umumiy olganda hakamlar brigadasi uchrashuvni yaxshi boshqardi, ammo bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ulardan biri qo‘pol xato bo‘lib, uchrashuvning 59-daqiqasiga to‘g‘ri keladi. Ana shu vaziyatda ‘Lokomotiv’ futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganligi uchun (‘Bunyodkor’ foydasiga) ‘Lokomotiv’ darvozasi tomon penalti belgilanmaydi. Shuningdek, 8-, 46- va 81-daqiqalarda ham mayda xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Qilingan xatolar o‘yin natijasiga ta’sir qilmagan”.
8-daqiqadagi xato, komissiya bayonnomasiga ko‘ra, “Bunyodkor” foydasiga bo‘lib, bu vaziyatda, “Lokomotiv” futbolchisi ikki oyoq bilan raqib futbolchisiga tashlanadi, lekin hakam o‘yin qoidasi buzilmagan, deb hisoblaydi.
Komissiya ekspertlarining fikricha, 46-daqiqada ham bosh hakam nohaq bo‘lgan. Ushbu vaziyatda to‘p uchun havoda bo‘lgan kurashda futbolchilar to‘qnashuvi yuzaga keladi. Biroq hakam o‘yinni to‘xtatmaydi, vaholanki, xushtak chalinishi va “bahsli to‘p” o‘yinga kiritilishi kerak edi.
81-daqiqada hakam yana bir folni e’tiborsiz qoldiradi. Ushbu vaziyatda “Lokomotiv”ning 77-raqamli futbolchisi Jasur Hasanov belidan itarib yuboriladi, biroq o‘yin to‘xtatilmaydi.
Demak, 12 vaziyatdan uchtasida hakam haqiqatan ham xatolikka yo‘l qo‘ygan, lekin bu o‘yin natijasiga ta’sir qilmagan. E’tirozdagi qolgan to‘qqizta vaziyatda esa hakam haq.
“Lokomotiv” — “Bunyodkor” uchrashuvi hakamlar brigadasiga qo‘llanilgan chora:
Hakamlar va inspektorlar qo‘mitasi tarkibidagi ekspertlar komissiyasi “Lokomotiv” e’tirozidagi vaziyatlarni ko‘rib chiqib, yakuniy xulosani qo‘mita a’zolariga taqdim etdi. Qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Hakamlar va inspektorlar boshqarmasi boshlig‘i Noil Lutfullin mazkur komissiya xulosasiga ilova qilib, Valentin Kovalenkoning hakamlik ishiga nazoratchi G‘ayrat Karimov bahoni 1,9 ballga ko‘tarib qo‘yganligini aytdi. Kovalenkoning bahosi aslida 6,9 ball bo‘lib, G‘ayrat Karimov 8,5 ball qo‘ygan.
Qo‘mita a’zolari “Hakamlarning tartib-intizom kodeksi”ning 2.3 bo‘limi, 1-bandiga asoslanib, “Lokomotiv” — “Bunyodkor” uchrashuvi bosh hakami Valentin Kovalenkoga xayfsan e’lon qildi va ushbu o‘yindagi xizmat haqqini 25 foizga kamaytirish haqida qaror qabul qildi.
“Nazoratchilarning tartib-intizom kodeksi”ga asosan, “Lokomotiv” — “Bunyodkor” nazoratchisi G‘ayrat Karimov bosh hakam Valentin Kovalenkoga bahoni ko‘tarib qo‘yganligi uchun uning ham o‘yindagi xizmat haqi 25 foizga kamaytirildi va keyingi to‘rt tur o‘yinlaridan chetlatildi.
“Lokomotiv” klubi saytining noto‘g‘ri ma’lumoti:
5-sentabr kuni O‘zbekistondagi barcha futbol saytlarida “O‘zbekiston XXIII milliy chempionati 18-tur o‘yinlari doirasidagi ‘Lokomotiv’ — ‘Bunyodkor’ (1:2) o‘yinida hakamlik qilgan Valentin Kovalenko to‘rtta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi”, degan yolg‘on xabar paydo bo‘ldi.
Xabarlar shu xatboshi bilan boshlanadi va manba sifatida barcha nashrlar “Lokomotiv” futbol klubi saytini ko‘rsatadi. Haqiqatan ham “Lokomotiv” yolg‘on xabar tarqatadi. Saytda uch kun turgan xabarga asosan, Valentin Kovalenko to‘rtta turga chetlatilgan bo‘lib, unga jarima solingan. Bunday emasligi esa yuqorida aytib o‘tildi.
Klub futbol jamoatchiligiga yolg‘on xabar tarqatishda nima maqsadni ko‘zlaganligi noma’lum. Professional Futbol Ligasi rahbariyati tez orada bu ishni ko‘rib chiqishni yakunlaydi va “Lokomotiv” klubiga jazo belgilaydi. Bu haqdagi axborot PFL saytida e’lon qilinadi.
Izoh (0)