Apple kompaniyasining hali taqdim etilmagan iPhone 6 smartfoni haqida juda ko‘p mish-mishlarni o‘qidik. Ular orasida yangi smartfonning displeyi sapfir billuri bilan himoyalanishi va uni pichoq bilan ham qirib bo‘lmasligi katta qiziqishga sabab bo‘lgan edi.
Va nihoyat yangi iPhone 6 va iPhone 6 Plus gadjetlari taqdim etildi. Biroq ularning displeyida sapfir billuri ishlatilmagan. Bu haqda Phonearena.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda yangi iPhone e’lon qilingandan so‘ng, uning displeyi haqida gap ketganda, barcha “sapfir billuri” deyilishini kutgan bo‘lsa ajab emas :)
Ammo iPhone 6 displeyi “ionlar bilan mustahkamlangan” deya tariflandi. Bu esa Gorilla Glass displeylarini ishlab chiqarishdagi Corning kompaniyasi foydalanadigan jarayon bilan bir xil bo‘lib, bundan taxmin qilish mumkinki, yangi iPhone 6 displeyida ham Gorilla Glass ishlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Apple ushbu taqdimotda o‘zining ilk aqlli soatini taqdim etdi. Uning displeyi esa sapfir billuri bilan himoyalangan.