Hindiston hukumati dunyodagi eng baland haykal qurilishi uchun 2014—2015-yil davlat byudjetidan 33 million dollar ajratadi. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Arun Jeytlining byudjet haqidagi bayonotiga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Hindiston mustaqilligi uchun kurashgan jangchi va mamlakatning birinchi ichki ishlar vaziri — Sardor Vallabxai Patel (1875—1950) sharafiga qurilishi rejalashtirilayotgan haykalning balandligi 182 metr (AQShdagi 93 metrli “Ozodlik” haykalidan ikki marta baland)ni tashkil etadi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi haykal qurish loyihasini amalga oshirishni 2014-yil may oyida hukumat rahbari etib tayinlanishidan yarim yil avval — Gujarat shtati bosh vaziri bo‘lgan vaqtida boshlagan. Monument aynan shu shtatga o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, haykal qurilishi 338 million dollar talab qiladi. Xarajatlar Gujarat shtati byudjeti hamda xayriya jamg‘armalari tomonidan qoplanadi.
Loyihaning bir qismi — 33 million dollari davlat byudjeti tomonidan moliyalashtirilishi haqidagi xabar hind jamiyatiga turlicha ta’sir qildi. Ayrimlar hukumat tomonidan ayollar xavfsizligini ta’minlash uchun ham shunday miqdorda pul ajratilishi, ta’lim olishi uchun esa bundan ikki barobar kam mablag‘ berilishini ta’kidlab, qarorga qarshi chiqdi.