O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10-iyul kuni Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ahmet Davuto‘g‘lini qabul qildi, deb xabar berdi O‘zA.
Islom Karimov mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini baholash, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan Turkiyani azaldan nafaqat madaniyat, til va ma’naviyat mushtarakligi, balki savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda teng huquqli hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik bog‘lab turishi qayd etildi.
Ahmet Davuto‘g‘li samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkiya rahbariyati nomidan O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi. Turkiya ikki tomonlama munosabatlarni mamlakatlar va xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga ko‘tarish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda Turkiya O‘zbekistonning tashqi savdo bo‘yicha eng yirik besh hamkoridan biridir. 2013-yilda ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasi 1 milliard 347 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu 2012-yilga nisbatan 10,5 foiz ko‘pdir. O‘zbekistonda Turkiya sarmoyasi ishtirokida 485 korxona faoliyat yuritmoqda.
Suhbat chog‘ida madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sayyohlar almashishni rivojlantirishdan har ikki tomon manfaatdor ekani qayd etildi. Turkiya delegatsiyasi tashrif doirasida Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xivada bo‘lib, bu boradagi hamkorlikning istiqboliga guvoh bo‘lishi mumkin.
Uchrashuvda ayrim mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama etildi.
Izoh (0)