Keniya janubidagi ikki savdo markaziga uyushtirilgan hujumda jami 29 kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi Reuters.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Lamu okrugidagi savdo markazi qurollangan jangarilar tomonidan o‘qqa tutildi. Ushbu hujum to‘qqiz kishining umriga zomin bo‘ldi.
Terrorchilarning yana bir qismi Gamba shahridagi supermarket va mahalliy politsiya binosiga hujum qildi. Ular o‘zlarining hibsga olingan safdoshlarini ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum natijasida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bundan ikki hafta avval Mpeketoni shahrida bir necha jangari 60 kishini o‘ldirgani uchun qo‘lga olingan edi.
Hujumlarga javobgarlikni avvaliga “Ash-Shabob” aqidaparastlik guruhi zimmasiga yuklagan Keniya hukumati hozirda terrorchilar “Mombasa respublika kengashi” harakati a’zosi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.