Dunyodagi eng baland bino — Burj Xalifa joylashgan Dubayda yana bir rekord o‘rnatadigan inshoot qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Daily Mail xabar qiladi.
Ushbu loyiha shaharda dunyodagi eng katta savdo markazini qurish bo‘lib, inshootning ichida iqlimi nazorat qilinadigan ko‘chalar, bog‘ hamda yuzlab mehmonxona va uylar bo‘lishi kutilmoqda.
Inshootda iqlimning nazoratga olinishi yil bo‘yi turistlarni jalb qilish uchun yordam beradi. BAA bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumning aytishicha, ushbu loyiha Dubayni madaniy va iqtisodiy markazga aylantiradi.
Ulkan inshoot avval Dubayda mavjud bo‘lgan eng katta savdo markazlaridan birining oldiga qurilib, u 828 metrlik Burj Xalifa binosiga ham yaqin bo‘ladi.
“Turizm mamlakat iqtisodining asosiy qismini tashkil etadi. Shu sababli, yil bo‘yi sayohatchilar oqimini yo‘lga qo‘yish maqsadida yozning issiq oylarida iqlimni nazoratga olamiz”, — dedi Shayx Muhammad.