Afg‘onistonda prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi yakuniga yetdi, deya xabar bermoqda “Kun” Associated Press axborot agentligi ma’lumotiga asoslanib.
Ovoz berish jarayoni 14-iyun, shanba kuni mahalliy vaqt bilan 16:30 da (Toshkent vaqti bilan 16:00 da) yakuniga yetdi va “Tolibon” harakati yetakchilarining tahdidlariga qaramay, nisbatan tinch sharoitda o‘tdi.
Afg‘oniston prezidenti o‘rni uchun sobiq tashqi ishlar vaziri Abdullo Abdullo va sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani kurash olib bormoqda. 2014-yil aprelida bo‘lib o‘tgan saylovning birinchi turida Abdullo 44,9 foiz, G‘ani esa 31,6 foiz ovozni qo‘lga kiritgan edi.
Har ikkala nomzod ham korrupsiyaga qarshi ommaviy kurashni boshlash va “Tolibon” bilan qarama-qarshilik keskin o‘sib borayotgani ortida G‘arb bilan aloqalarni mustahkamlashga va’da bermoqda.
Saylovning oraliq natijalari 2-iyul kuni, yakuniy natijalari esa 22-iyul kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)