O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish borasida ishlab chiqilgan dasturlariga ko‘ra, Namangan viloyatida 581 loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 95 foizi ishga tushirildi va bu maqsadlarga 60 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Tijorat banklarining 27 milliard so‘mdan ko‘proq kredit mablag‘i ajratildi. Natijada 50 xo‘jalikda 1 ming 440 boshdan ziyod qoramol, 32 parrandachilik xo‘jaligida 440 ming bosh parranda boqish yo‘lga qo‘yilib, 172 gektar maydonda 36 yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
2014-yilda viloyatda 605 ming tonna sabzavot, 218 ming tonna kartoshka, 203 ming tonna meva, 105 ming tonna uzum va 66 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtirish hisobidan ichki va tashqi bozordagi salmoqni yanada oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda viloyatdagi sovutgich omborxonalari, qayta ishlash korxonalari ham so‘nggi rusumdagi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanib, modernizatsiya qilinmoqda. Bu ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirib, sifatni xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish imkoniyatini berayotir.
Kosonsoy tumanidagi “Chashmai safed” fermer xo‘jaligi singari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari safi ham tobora kengayib bormoqda. Bugungi kunda mazkur xo‘jalikda ming boshga yaqin qoramol parvarishlanmoqda. Jumladan, 350 bosh sigirdan sog‘ib olinayotgan kunlik 4-4,5 tonna sut qayta ishlanib, 18 turdagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarilayotir. Zamonaviy tarzda jihozlangan go‘shtni qayta ishlash sexida sakkiz turdagi kolbasa mahsulotlari tayyorlanmoqda.