O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Anji” klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov faoliyatini Moskvaning SSKA klubida davom ettirishi mumkin. Ayni vaqtda moskvaliklar 26 yoshli futbolchining agenti va “Anji” bilan muzokara olib bormoqda. SSKA futbolchini ijaraga olishni yoki 8 million yevro evaziga sotib olishni istaydi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Shuningdek, Odil Ahmedovda boshqa takliflar ham bor. BAA klublaridan biri futbolchiga juda katta naf keltiradigan shartnoma taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, qishda “Krasnodar” Odil Ahmedov uchun juda yaxshi taklif bildirgan, ammo “Anji” bu taklifni rad etgan edi.
Hozirda vaziyat o‘zgargan. “Anji” quyi ligaga tushib ketgani sababli faqat uch nafar legionerni tarkibda saqlab qola oladi va boshqalarni sotib yuborishga majbur. Aslida klub Odil Ahmedovni bir mavsumga ijaraga berib, kelasi yil premyer ligaga qaytgach, yana qaytarib olishni istamoqda. Ammo SSKA rahbariyati bunga rozi bo‘lmasligi mumkin. Chunki moskvaliklar ijaraga olingan futbolchilar bilan ishlashni yoqtirmaydi.
SSKA klubining ikki nafar shved futbolchisi Rasmus Elm va Pontus Vernblumlar Yevropaga qaytishni xohlamoqda. Shu sababli “armiyachilar” Odil Ahmedov bilan jamoa tarkibini kuchaytirishni ko‘zlamoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi SSKA uchun eng asosiy transfer maqsadi bo‘lib turibdi. Xabar qilinishicha, tomonlar kelishuvga erishishga yaqin turibdi.
Izoh (0)