Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi ayol o‘z farzandini sotgani uchun qamoqqa olindi. Bu haqda “Sabo” gazetasi xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, Zamira Ahmedova (ism-shariflar gazeta tomonidan o‘zgartirilgan) 2012-yil dekabr oyining so‘ngida Qarshi shahar tug‘ruq majmuasida o‘g‘il farzandni dunyoga keltiradi. Zamira shifokorlarga hech qayerda ishlamasligi, turmush o‘rtog‘i xorijga ketib uzoq vaqtdan buyon pul jo‘natmayotgani, boshqa bolasi ham borligini aytib, chaqaloqdan voz kechmoqchiligini ma’lum qiladi.
Bu gap shifokorlar orasida tarqalib ketadi va asab kasalliklari shifoxonasida ishlovchi A. Abilovga yetib boradi. Abilov esa bu xabarni qariyb 21 yildan buyon farzandsiz bo‘lgan hamqishlog‘i I. Tog‘ayevga yetkazadi. Yangilikdan quvongan Tog‘ayev yangasi E. Raupova bilan Qarshiga keladi va shifokor guvohligida Zamira Ahmedovadan bolani olish haqida kelishib oladi. Shundan so‘ng Raupova Qarshi tumani FHDYo bo‘limiga borib, 2012-yil 27-dekabrda tug‘ilgan chaqaloqqa guvohnoma yozdirib oladi. Shifoxonadan chiqqan kuni Ahmedova Tog‘ayevdan 800 ming so‘m olib, farzandini berib yuboradi.
Ammo Zamira ertasi kuniyoq Abilovga qo‘ng‘iroq qilib, fikridan qaytganini va bolani qaytarib olishini aytadi. Oradan bir soatlar o‘tib, go‘dak kerakmasligini, chet elga ketmoqchiligini bildiradi va chaqaloqni yangi ota-onasiga rasmiylashtirib berish uchun 500 ming so‘m talab qiladi. Tog‘ayev Zamiradan “Menga bola kerak emas” mazmunida tilxat yozdirib oladi va ayolga 300 ming so‘m beradi.
Biroq Ahmedova o‘z va’dasida turmaydi va Tog‘ayev bolasini qaytarib bermayotgani haqida viloyat IIBga arz qiladi. Ushbu vaziyat yuzasidan surishtiruv olib borilganda go‘dak to‘rt kishining o‘zaro kelishuviga ko‘ra sotilgani ma’lum bo‘ldi va bu shaxslar odam savdosiga qo‘l urganlikda ayblanib, qo‘lga olindi. Norasida go‘dak esa mehribonlik uyiga topshirildi.