Britaniya hukumati “grippga qarshi befoyda dori vositalari” uchun 600 million funt-sterling sarflab yubordi. Bu haqda “Kochreyn hamkorligi” (Cochrane Collaboration) mustaqil tadqiqot tashkiloti ma’lumotlariga asoslanib, The Independent xabar bermoqda.
Gazetaning qayd etishicha, Birlashgan Qirollik hukumati pandemiya yuz berishi ehtimolini hisobga olib, 40 million doza Tamiflu va Relenza preparatlarini sotib olgan. Biroq ma’lum bo‘lishicha, ushbu vositalar paratsetamoldan hech bir jihati bilan yaxshiroq emas. Bundan tashqari, ushbu dori vositalari pandemiya oldini ololmaydi.
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, Tamiflu va Relenza’ni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bu dorilarning samarasiz ekanligini ko‘rsatib bergan klinik testlar bilan bog‘liq muhim axborotni yashirgan.
Olimlar, shuningdek, testlar to‘g‘risidagi batafsil axborotlarning taqdim etilishini talab qilmagani uchun, dori vositalarini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan davlat organlarini ham tanqid ostiga olgan, deb yozadi “Kun”.
Mutaxassislar Britaniya hukumatiga saqlash muddati yakuniga yetayotgan preparatlar o‘rniga Tamiflu va Relenza sotib olmaslikni tavsiya qilgan.