AQSh Harbiy dengiz kuchlarining “Donald Kuk” raketali kreyseri yaqin bir necha kun ichida Qora dengiz akvatoriyasida navbatchilik qilishga kirishadi. Bu haqda Bolgariya ommaviy axborot vositalariga tayanib “ITAR-TASS” xabar bergan.
Bolgariya Mudofaa vazirligidagi manbalarning xabar berishlaricha, amerikalik dengizchilar va ularning hududdagi ittifoqchilari hamkorlikda o‘quv mashqlari o‘tkazishni rejalashtirilgan. Shuningdek, AQSh kemasi Qora dengiz sohillaridagi, jumladan, Bolgariyadagi bir nechta portlarga kirib chiqadi. Qo‘shimcha tarzda Ruminiyaga tegishli sohillarda AQShning 175 nafar dengiz piyodalari joylashtiriladi.
AQSh mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik ishlari bo‘yicha yordamchisi Derek Chollet Kongress vakillar palatasining Qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida bu to‘g‘rida bayonot bergan. Unga ko‘ra, hozirda Qora dengizda navbatchilik qilayotgan “Trakstan” esminetsiga qo‘shimcha tarzda Harbiy dengiz kuchlarining yana bir kemasi bir hafta ichida shu hududga jo‘natiladi.
Shu bilan birga, Cholletning ta’kidlashicha, Rossiyaning yaqindagi harakatlari bilan bog‘liq tarzda AQSh Qurolli kuchlarining byudjeti qayta ko‘rib chiqilmagan. “Bu hujjatning asosiy strategiyasi o‘zgarishsiz qoladi. Biz inqirozgacha mashg‘ul bo‘lgan vazifalar kelajakda ham o‘zgartirilmaydi”, – deydi Pentagon vakili.