Koreya Respublikasi uzoqqa uchadigan yangi ballistik raketalarni samarali tarzda sinovdan o‘tkazdi. Ular qo‘shni Shimoliy Koreya hududidagi har qanday nuqtada joylashgan nishonni yo‘q qilish qudratiga ega. Bu haqda mamlakat harbiy doiralariga tayangan holda “Renxap” agentligi xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Manbalar xabariga ko‘ra, 23-mart kuni Harbiy tadqiqotlar agentligi 500 kilometr masofaga uchuvchi raketalar uchirgan, ulardagi portlovchi modda bir tonna miqdorida bo‘lgan. Sinovlar mamlakat g‘arbidagi Chxunchxon-Namdo provinsiyasi Txean uyezdidagi poligonda o‘tkazilgan. “Raketalar belgilangan nuqtadagi nishonni aniq uradi”, – deya qo‘shimcha qiladi manba.Aytish kerakki, 1979-yili Seul va Vashington o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, Janubiy Koreya 180 kilometrdan uzoqqa uchadigan va 500 kilogrammdan ortiq portlovchi moddasi bo‘lgan ballistik raketalar yaratishi taqiqlangan. Shundan buyon Koreya Respublikasi bu cheklovni olib tashlashni so‘rab AQShga bir necha marta murojaat etgan. U Shimoliy Koreya tomonidan bo‘ladigan tahdidlarga qarshi tura oladigan darajada harbiy qudratga ega bo‘lishni xohlaydi.
AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasida 2001-yili imzolangan yangi bitimda cheklov qisman olib tashlangan – unda mamlakat 300 kilometrgacha uzoqlikka uchuvchi raketalar tayyorlashi mumkinligi qayd etilgan. 2012-yilning oktabrida imzolangan yangi bitimga ko‘ra esa Janubiy Koreya 800 kilometrgacha masofaga uchuvchi, portlovchi moddasi og‘irligi 500 kilogrammgacha bo‘lgan raketalar tayyorlashi mumkin. Shuningdek, agar raketa uchish masofasi 300 kilometrgacha bo‘lsa, uning portlovchi moddasini 1,5 tonnagacha oshirishga ruxsat etilgan.